O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-sentyabrdagi “Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazini tashkil etish to‘g‘risida” 408-son qarori asosida Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzurida yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8 noyabrdagi “Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-416-sonli qaroriga muvofiq Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi negizida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazi tashkil etildi. Shuningdek, mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2-maydagi “Arxitektura, qurilish, muhandislik sohalari rahbar va mutaxassislari hamda ishchi kasb egalarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 179-sonli qarorida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazining asosiy vazifalari belgilab berildi.
Jumladan, markazning asosiy vazifalari quyidagilar:
- qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga innovatsion texnologiyalar hamda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga mo‘ljallangan malaka talablari, o‘quv rejasi va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
- xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tgan o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash va malaka oshirishning o‘quv-metodik hujjatlarini ishlab chiqish;
- sohadagi yetakchi professor-o‘qituvchilar, mahalliy konstruktorlik-texnologik muassasalar va respublikadagi yirik loyihalash tashkilotlarining tajribali amaliyotchi mutaxassislarini taklif etgan holda, sohadagi yuqori va innovatsion texnologiyalarga asoslangan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
- shartnoma asosida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlariga jalb etish;
- ta’lim va ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni ta’minlab, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonini, shu jumladan, ko‘chma mashg‘ulotlarni zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan tashkilotlar bazasida tashkil etish;
- xorijiy hamkor tashkilot va oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda talabalarning arxitektura, qurilish, muhandislik, dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro kasbiy sertifikatlarni olishini yo‘lga qo‘yish;
umume’tirof etilgan xalqaro ta’lim standartlari va talablari, ilg‘or pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari asosida o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish;
- arxitektura va qurilish sohasining ilg‘or yutuqlari, masofadan o‘qitish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda malaka oshirishning innovatsion shakllarini joriy etish, o‘quv-metodik resurslarni ishlab chiqish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish.
Shuningdek:
- markazlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;
- qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv kurslari masofadan o‘qitish usullari qo‘llanilgan holda tashkil etiladi. Bunda masofadan o‘qitish usullari asosidagi kurslarda o‘quv mashg‘ulotlari onlayn va oflayn shakllarida o‘tkaziladi;
- markazlarda malaka oshirish Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 maydagi 451-qarori bilan tasdiqlangan Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiriladi;
- arxitektura, qurilish, muhandislik sohalari rahbar va mutaxassislari hamda ishchi kasb egalari har besh yilda kamida bir marta markazlarda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslaridan o‘tadi va ularni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikat taqdim etiladi;
- ta’lim jarayoniga oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda soha bo‘yicha yetakchi mutaxassislar jalb etilganda, ularga belgilangan tartibda soatbay asosida ish haqi to‘lanadi.